← Isiriqdoshlar
Qo‘ng‘ir qumuzum
Isiriqdoshlar
Yangi

Qo‘ng‘ir qumuzum

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Malacocarpus crithmifolius (Retz.) C.A. Mey.

Maqomi: 2. O‘zbekistonda yagona turga ega turkumning relikt turi.

Qisqacha tavsifi: Chirmashib o‘sadigan, qishda barglarini to‘kadigan buta. Barglari etli, uchlinashtarsimon, qirqilgan, uzunligi 7 sm, eni 6 sm. Guli ikki jinsli, qo‘sh gulqo‘rg‘oni sariq. Mevasi 3 uyali, ko‘p urug‘li, yassi-yumaloq, diametri 1–1,5 sm, etli, sershira, qo‘ng‘ir-qizg‘ish rangli. Urug‘i mayda, uzunligi 3 mm. Iyun–sentyabr oylarida gullab, mevasi iyul–oktyabrda pishadi.

Tarqalishi: Qoraqalpog‘iston: Ustyurtda tarqalgan. Qozog‘iston, Turkmaniston va Eronda ham o‘sadi.

O‘sish sharoiti: Toshloqlarda, sho‘r tuproqlarda, chuchuk va maʼdanli buloqlar atrofida o‘sadi.

Soni: 2014 yili o‘simlikning 6 ta senotik populyatsiyasi (5 ta janubiy, 1 ta sharqiy chinkda) topilgan. Ulardagi tuplarning umumiy soni 200 ta atrofida.

Ko‘payishi: Urug‘idan va ildiz bachkilari orqali ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘zbekiston hududiga o‘simlik o‘z arealining shimoli-sharqiy chegarasi orqali kirib kelgan. Aholi uni mevasi uchun yig‘adi.

Madaniylashtirilishi: Ashxobod va Shevchenko shaharlaridagi botanika bog‘larida ko‘p yillardan beri muvaffaqiyatli o‘stirib kelinmokda.

Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [196]. H. F. Shomurodov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009