Rhus coriaria L.
Maqomi: 1. Hisor tizmasi va G‘arbiy Tyan-Shanga xos kamyob tur.
Qisqacha tavsifi: Balandligi 3–4 m, baʼzan 6–10 m ga yetadigan past bo‘yli daraxt. Noqulay sharoitda o‘sganda buta shaklida ham uchraydi. Bir yillik novdalari kulrang-qo‘ng‘ir, ko‘p yillik poyalari esa jigarrang. Barglari murakkab, toq patsimon, 7–9 juft, uzunligi 30 sm ga yetadi. Barg bandi qanotchali. Gullari yashiloqish, poyaning uchida cho‘ziq urchuqsimon to‘pgul hosil qiladi. Mevasi yirik, tig‘iz, yumaloq, to‘q qizil rangli, nordon. Urug‘i (danagi) oval shaklida, qattiq.
Tarqalishi: Surxondaryo, Toshkent viloyatlari: Hisor tizmasi (To‘palang va Xondiza daryolarining havzalari) va G‘arbiy Tyan-Shanda, Chotqol tizmasi (Qoronqulsoy)da tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 1200–1400 m balandlikda quruq shag‘alli va toshli yonbag‘irlarda o‘sadi. Ochiq joylarda o‘suvchi yorug‘sevar o‘simlik.
Soni: Kam uchraydi, onda-sonda kichik tuplar hosil qiladi.
Ko‘payishi: Urug‘idan va bachkisidan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: O‘tin sifatida ishlatiladi va yosh nihollari chorva mollari tomonidan oyoqosti qilinadi.
Madaniylashtirilishi: Andijon va Toshkent viloyatlarida ekib o‘stirilmoqda.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [156–159, 139]. R. I. Qozoqboyev.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009