Physochlaina alaica Korotkova ex Kovalevsk.
Maqomi: 1. Oloy va Turkiston tog‘lariga mansub juda kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 50 sm ga yetadigan, ko‘p yillik o‘t. Poyalari ko‘p, tik, yoyiq siyrak, oddiy va bezchali tuklar bilan qoplangan. Barglari uzun bandli, keng tuxumsimon, yaprog‘ining uzunligi 5–10 sm, eni 4–8 sm, ustki tomoni deyarli tuksiz, pastki tomoni tomirlari bo‘ylab siyrak tuklar bilan qoplangan. Gullari qisqa (0,5 sm), mevasining yetilishiga qarab uzayib boradigan, bezchasimon tukli bandlarda o‘rnashgan. To‘pguli yoyiq, yuqori qismi kallakchasimon. Kosachasi bezchasimon tukli, uzunligi 0,5 sm. Gultoji qo‘ng‘iroqsimon, uzunligi 10–15 mm, xira pushti rangli. Mevasi ko‘sakcha, uzunligi 10–12 mm. May oyida gullab, mevasi iyunda yetiladi.
Tarqalishi: Farg‘ona viloyati: Oloy tizmasida, Shohimardon va So‘x daryolarining havzalarida uchraydi. Qirg‘iziston, Tojikiston (Turkiston tizmasi: Vorux, Xo‘jabaqirgan qishloqlari atroflari)da ham tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Dengiz sathidan 1800–2000 m balandlikda qoyalarning soyalari, butazorlarning taglari, archazorlar va ochiq yerlarda o‘sadi.
Soni: Juda siyrak tarqalgan. Turli yoshdagi o‘simliklarning umumiy soni 8000 tupdan oshmaydi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Mahalliy aholi tomonidan dorivor o‘simlik sifatida ko‘plab ishlatilishi sababli kamayib ketgan.
Madaniylashtirilishi: Tabiiy sharoitda ekib o‘stirilganda ijobiy natija bermagan. O‘zR FA Botanika bog‘ida 1973 yildan buyon o‘stirib kelinadi.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [122, 159].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009