← Savrinjondoshlar
Kesselring savrinjoni
Savrinjondoshlar
Yangi

Kesselring savrinjoni

Maqomi 3 — Kamyob

Colchicum kesselringii Regel

Maqomi: 3. Markaziy Osiyoda kamayib borayotgan endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Ko‘p yillik tugunak piyozli o‘t. Tuganak piyozi cho‘ziq tuxumsimon, diametri 1–3,5 sm, qobig‘i dag‘al, qora qo‘ng‘ir rangli. Barglari 3–6 ta, chiziqli. Gullari 1–4 ta, oq rangli. Tojbargchalarining tashqi tomoni to‘q binafsharang chiziqli, nashtarsimon, to‘mtoq. Changchilari qaytaqisidan 2 marta qisqa, changdoni ingichka. Fevral oyida gullab, mevasi may–iyunda yetiladi.

Tarqalishi: Toshkent, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Surxondaryo viloyatlari: G‘arbiy Tyan-Shan (Qurama, Chotqol tizmalari)da, Pomir-Oloy (Turkiston, Zarafshon, Hisor, Nurota, Ko‘hitang tizmalari va Cho‘lbayir tog‘lari)da tarqalgan. Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘izistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘ etaklaridan to tog‘ning yuqori qismigacha bo‘lgan joylarda mayda jins tuproqli va shag‘alli yonbag‘irlarda o‘sadi.

Soni: Tabiatda yakka-yakka holda va to‘p-to‘p bo‘lib uchraydi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Gullarining ko‘p miqdorda yig‘ib olinishi va chorva mollarining ko‘plab boqilishi oqibatida kamayib bormoqda.

Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida 1967 yildan buyon ekib kelinadi.

Muhofaza choralari: Chotqol, Zomin, Surxon, Nurota, Kitob, Hisor qo‘riqxonalarida, Zomin va Ugom- Chotqol milliy bog‘larida muhofaza qilinadi. Manbalar. [159, 221]. U. X. Qodirov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009