Dionysia hissarica Lipsky
Maqomi: 2. Pomir-Oloyning janubi-g‘arbidagi kichik maydonlarda saqlanib qolgan kamyob endemik o‘simlik.
Qisqacha tavsifi: Qoyalarning yoriqlarida osilib o‘sadigan yostiqsimon, namchil yarim butacha. Ildiz bo‘g‘izidan o‘sib chiqqan bir tutam poyalaridagi barglar ketma-ket joylashgan. Eski yopirma barglari saqlanib qoladi. Barglari yumshoq, yupqa, tishchali, bezchali tuklar bilan qoplangan, o‘ziga xos hidga ega. Gullari sariq, 2–3 ta, guloldi bargchalari bilan o‘ralgan, pastga egilib turuvchi gulpoyalarda o‘rnashgan. Iyun–iyul oylarida gullab, meva beradi.
Tarqalishi: Surxondaryo viloyati: Hisor tizmasining janubiy yonbag‘irlari (Sangardak daryosining o‘rta oqimi)da tarqalgan.
O‘sish sharoiti: Tog‘ning o‘rta qismidagi sernam joylarda, sharsharalar yaqinidagi qumtosh qoyalarning yoriqlarida o‘sadi.
Soni: 2013 yilda 1250 tupi aniqlangan.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Urug‘ mahsuldorligining pastligi va tabiiy o‘sish sharoitining cheklanganligi (stenobiont tur).
Madaniylashtirilishi: O‘zR FA Botanika bog‘ida ko‘chat qilib o‘tqazish va urug‘i orqali ko‘paytirishga qaratilgan urinishlar natija bermagan.
Muhofaza choralari: Maxsus muhofaza choralari ishlab chiqilmagan. Manbalar. [88, 269, 368].
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009