← Qorag‘atdoshlar (Toshyordoshlar)
Gulxayribarg qorag‘at
Qorag‘atdoshlar (Toshyordoshlar)
Yangi

Gulxayribarg qorag‘at

Maqomi 3 — Kamyob

Ribes malvifolium Pojark.

Maqomi: 3. Janubi-g‘arbiy Pomir-Oloydagi juda kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 1 m gacha yetadigan buta. O‘simlikning barcha qismi (barglaridan tashqari) bezchali tuklar bilan qoplangan. Barglari 5 bo‘lakli. Bo‘laklarining eni 1,5–4 sm. Gullari ko‘pgulli shingil hosil qilib o‘rnashgan, oqish rangli. Mevasi ko‘p urug‘li, rezavor. Iyul oyida gullab, mevasi avgust oyida pishadi.

Tarqalishi: Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari: Hisor tizmasida tarqalgan. Tojikistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Tog‘larning pastki va o‘rta qismlaridagi toshli yonbag‘irlar, surilmalar va qoyalarning yoriqlarida o‘sadi.

Soni: Tabiatda yakka-yakka bo‘lib o‘sadi.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Mevasi dorivorlik xususiyatiga ega bo‘lganligi uchun ko‘plab terib olinadi.

Madaniylashtirilishi: Manzarali va dorivor o‘simlik sifatida oz bo‘lsa ham bog‘larda va hovlilarda ekiladi.

Muhofaza choralari: Hisor qo‘riqxonasida muhofaza qilinadi. Mavjud to‘plari ustidan nazorat o‘rnatish va biologik xususiyatlarini o‘rganish lozim. Manbalar. [159, 188]. O. T. Turginov.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009