← Toshbaqatoldoshlar
Buxoro toshbaqatoli
Toshbaqatoldoshlar
Yangi

Buxoro toshbaqatoli

Maqomi 2 — Zaif, kamayib borayotgan

Haplophyllum bucharicum Litv.

Maqomi: 2. Janubiy Pomir-Oloydagi kamyob endemik o‘simlik.

Qisqacha tavsifi: Ko‘p poyali yarim buta, bo‘yi 15–35 sm, shoxlari tuksiz. Barglari sal etli, nashtarsimon, butun, deyarli bandsiz. To‘pguli ro‘vaksimon, yassi, kamgulli. Kosacha barglari to‘kilmaydi, cho‘ziqtuxumsimon, to‘mtoqroq, uzunligi 1–1,5 mm. Gultoji sariq, tuksiz, keng tuxumsimon, to‘mtoq, qisqa 6–8 mm uzunlikdagi qaytaqili. Changchi iplari qo‘shilmagan, deyarli teng, bezchali tuklari yo‘q, tuksiz, asosi to‘p tukli. Tugunchasi bandli, tuksiz, bo‘rtmali. Ko‘sagi bandli, ochiladigan, tuksiz, bo‘rtmali, eni 4–5 mm. May–iyunda gullab, mevasi iyun–avgustda yetiladi.

Tarqalishi: Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari: Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlari (Dehqonobod, Oqravot, Toychi, Sho‘rob atroflari) hamda Ko‘hitang tog‘oldi hududlarida tarqalgan. O‘zbekistondan tashqari Turkmanistonda ham uchraydi.

O‘sish sharoiti: Qizil qumtoshli tuproqlarda o‘sadi.

Soni: Sho‘rob atrofida 120, Kelif-Sherobod (Zarabog‘) tepaliklarida 200 ga yaqin tup borligi aniqlangan. Arealining boshqa qismida soni aniqlanmagan.

Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.

O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Tabiiy maydonlarning o‘zlashtirilishi va mollarning ko‘plab boqilishi tufayli kamayib ketgan.

Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.

Muhofaza choralari: Muhofaza qilinmaydi. Manbalar. [159, 310]. N. K. Rahimova.

«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009