Wikstroemia alberti (Regel) Domke
Maqomi: 3. Pomir-Oloy va G‘arbiy Tyan-Shan tog‘larida uchraydigan kamyob tur.
Qisqacha tavsifi: Bo‘yi 1,5 m ga yetadigan buta. Eskirgan shoxlari qo‘ng‘ir, kulrang, yosh novdalari yotiq tukli. Barglari nashtarsimon, 1,5–3 sm uzunlikda, eni esa 0,5–1,5 sm, asosi ponasimon, uchi to‘mtoq, har ikki tomoni tukli, pastdagilari bandsiz. Gullari 5–13 tadan soyabonsimon boshcha to‘pgul hosil qiladi. Gulbandi 1,5 sm yashil, yotiq tukli. Tojbarglari sariq. Yong‘oq mevali, qurigan gulqo‘rg‘on bo‘laklari bilan o‘ralgan. Iyun–iyul oyida gullab, mevasi iyul–avgustda yetiladi.
Tarqalishi: Toshkent, Namangan va Surxondaryo viloyatlari: G‘arbiy Tyan-Shan (Chotqol, Piskom, Qurama tizmalari) va Pomir-Oloyda (Hisor tizmasining janubiy yonbag‘ri, Boysun tog‘lari)da tarqalgan. Tojikiston va Qirg‘izistonda ham uchraydi.
O‘sish sharoiti: Archazorlar orasida, sernam va yumshoq tuproqlarda o‘sadi.
Soni: Kam uchraydi, kichik to‘plar hosil qiladi.
Ko‘payishi: Urug‘idan ko‘payadi.
O‘simlik soni va arealining o‘zgarish sabablari: Maʼlumotlar yo‘q.
Madaniylashtirilishi: Maʼlumotlar yo‘q.
Muhofaza choralari: Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi va Ugom-Chotqol milliy tabiat bog‘ida muhofaza qilinadi. Manbalar. [205, 239]. R. I. Qozoqboyev.
«O‘zbekiston Qizil kitobi» © O‘R FA Zoologiya instituti, 2009