Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Daraxt ekkanlar “ekofaol fuqaro”, “ekohamkor” va “metsenat” maqomlari bilan rag‘batlantiriladi

25.03.2026 Manba: gazeta.uz
Daraxt ekkanlar “ekofaol fuqaro”, “ekohamkor” va “metsenat” maqomlari bilan rag‘batlantiriladi

Oʻzbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol qatnashayotgan fuqarolar va tadbirkorlarni rag‘batlantirish tizimi yaratilmoqda. Bu haqda 23-mart kuni Prezidentga ekologik tashabbuslar taqdim etilganda maʼlum bo‘ldi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Javohir Musayevning aytishicha, ishtirokchilar ko‘kalamzorlashtirishga qo‘shgan hissasiga qarab turli maqomlarga ega bo‘ladi.

Masalan, 100 tup daraxt ekkan yoki “yashil” xayriya jamg‘armasiga 10 million so‘m o‘tkazgan fuqarolarga “ekofaol fuqaro” maqomi beriladi. 1000 tup daraxt ekkan yoki shunga teng mablag‘ ajratgan tadbirkorlar “ekohamkor” deb eʼtirof etiladi. 5 milliard so‘m xayriya qilgan yoki 5000 ga yaqin ko‘chat ekib, bog‘lar yaratishda faol qatnashganlar esa “metsenat” maqomini oladi.

Eng faol ishtirokchilar davlat mukofoti bilan ham taqdirlanishi mumkin. Oʻz mablag‘i hisobidan kamida beshta yashil bog‘ barpo etishda faol qatnashgan fuqarolarni “Kelajak bunyodkori” davlat mukofoti bilan taqdirlash taklif qilinmoqda.

Taqdimotda havo ifloslanishini kamaytirish choralari ham ko‘rib chiqildi. Zavod va ishlab chiqarish korxonalarida filtrlar hamda chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Shuningdek, Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil etishni cheklash, jumladan, moratoriy joriy qilish masalasi o‘rganilmoqda.

Manba: gazeta.uz

Orqaga