Toshkentda avtomobillarga ekologik stikerlar berila boshladi
Yangi yildan boshlab Toshkentda “Ekologik transport” tizimi doirasida avtomobillar uchun ekologik stikerlarni rasmiylashtirish boshlandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati maʼlum qildi. Birinchi bosqichda stiker olish majburiy emas, u bepul va muddatsiz beriladi.
Stikerlar uch xil rangda bo‘ladi: yashil – “toza”, sariq – “o‘rtacha” va qizil – “zararli”. Avtomobil qaysi toifaga kirishi ishlab chiqaruvchi belgilagan ekologik sinfga bog‘liq. Masalan, benzin yoki gazda yuradigan Yevro-2 va undan yuqori sinfdagi mashinalar “toza”, Yevro-0 va Yevro-1 esa “o‘rtacha” hisoblanadi. Dizel dvigatelli avtomobillar uchun talablar qatʼiyroq: faqat Yevro-4 va undan yuqorisi “toza” deb topiladi, Yevro-2 va undan past sinflar “zararli” toifaga kiradi. Gibrid avtomobillar va uch yoshga to‘lmagan mashinalar “toza” hisoblanadi.
Yangi avtomobil ro‘yxatdan o‘tkazilganda stiker avtomatik beriladi. Qolganlar uni my.gov.uz portali orqali buyurtma qilib, pochta orqali olishi yoki YHXX huzuridagi diagnostika markaziga borishi mumkin. Agar mashinaning ekologik sinfi nomaʼlum bo‘lsa, u diagnostikaga yuborilib, chiqindi gazlar darajasi o‘lchanadi.
Kelajakda Toshkent shahri va viloyatida maxsus ekologik zonalar belgilanadi. Ularni xalq deputatlari kengashlari tasdiqlaydi, chegaralari esa yo‘l belgilari va onlayn xaritada ko‘rsatiladi. Hududlarni tanlashda havo va suv sifati, yashil maydonlar ulushi, chiqindilar bilan ishlash kabi ko‘rsatkichlar hisobga olinadi. Qoidalarni buzganlik uchun jarimalar 2028-yildan joriy etilishi rejalashtirilgan.
Manba: gazeta.uz
.png)