Harorat inversiyasi: Toshkentda havo sifati yanvar o‘rtalarigacha yomonlashgan holda qolishi kutilmoqda
Yanvar boshida Oʻzbekistonda havo sifati sezilarli darajada pasaydi. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinovning aytishicha, bunga harorat inversiyasi deb ataladigan meteorologik hodisa sabab bo‘lmoqda. Bunday paytda kunduzgi va tungi harorat o‘rtasidagi farq ayrim kunlari 14 darajagacha yetadi, tuman tushadi, shamol esa deyarli esmaydi. Natijada zavodlar va avtomobillardan chiqqan zararli moddalar tarqalib ketmay, shahar ustida to‘planib qoladi.
Maxsus komissiya aholini muntazam xabardor qilib borayotgani, asosiy eʼtibor esa sanoat va xo‘jalik obyektlarini tekshirishga qaratilgani aytildi. 1–7-yanvar kunlari Toshkent shahridagi 12 ta va Toshkent viloyatidagi 22 ta korxonada tekshiruv o‘tkazildi. Havoni ifloslantirgan o‘nlab avtomobillar egalariga nisbatan maʼmuriy choralar ko‘rildi. Noqulay ob-havo davrida ayrim korxonalarning quvvati cheklandi, baʼzilarining faoliyati esa vaqtincha to‘xtatildi.
Oʻzgidromet maʼlumotlariga ko‘ra, 8-yanvar ertalab Toshkent havosidagi PM2,5 mayda zarrachalari miqdori har kub metrda 101 mikrogrammni tashkil etgan. Bu ruxsat etilgan meʼyordan (60 mkg/m³) 1,7 baravar ko‘p. PM2,5 zarralari juda mayda bo‘lgani uchun o‘pkaga chuqur kirib, ayniqsa bolalar va keksalar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin.
Mutaxassislar noqulay sharoit 16–17-yanvargacha saqlanishini, keyin antitsiklonlar kelib, yog‘ingarchilik va shamol kuchayishi bilan havo tozalanishini prognoz qilgan. Qo‘mita vakili inversiya qisqa muddatli va oldindan bashorat qilinadigan hodisa ekanini, reyd va monitoringlar esa u tugagandan keyin ham davom etishini taʼkidladi.
Manba: gazeta.uz
