Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

Samarqandda o‘tadigan CITES konferensiyasida 30 dan ortiq noyob tur himoyasi muhokama qilinadi

12.11.2025 Manba: news.un.org
Samarqandda o‘tadigan CITES konferensiyasida 30 dan ortiq noyob tur himoyasi muhokama qilinadi

Yo‘qolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) taraflarining navbatdagi konferensiyasi noyabr oxirida Oʻzbekistonning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. BMT xabariga ko‘ra, unda noyob hayvon va o‘simliklarni noqonuniy savdo, haddan ortiq ovlash va yo‘qolib ketishdan himoya qilish choralari ko‘riladi.

Maxsus himoyaga olinishi mumkin bo‘lgan 30 dan ortiq tur orasida Efiopiya tog‘ ilonlari, Galapagos iguanalari, skripka kamonchalari yasaladigan Braziliyaning Pernambuku daraxti bor. Shuningdek, fillar, karkidonlar, oltin qorinli mangabey maymuni, uzunligi 32 santimetrga yetadigan ulkan kaltakesak, kapalaklar, qurbaqalar va dengiz bodringlari masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

Bugungi kunda CITES 40 mingdan ortiq yovvoyi hayvon va o‘simlik turi savdosini tartibga soladi. Konvensiya kuchga kirganiga 50 yil bo‘ldi. Uning yordamida Janubiy Amerikadagi vikunya va Nil timsohi kabi turlar saqlab qolingan: ularning juni va terisini barqaror boshqariladigan mahsulotga aylantirish mahalliy aholiga ham foyda keltirgan.

CITES Bosh kotibi Ivonne Iguero tashkilot moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotganini, aʼzo davlatlarning badallari kamayganini ham maʼlum qildi. Bu masala ham konferensiyada muhokama qilinadi.

Yovvoyi tabiat savdosi chegaralarni kesib o‘tgani uchun uni tartibga solish xalqaro hamkorlikni talab qiladi. Oʻzbekistonning bunday nufuzli anjumanni qabul qilishi mamlakatning tabiatni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro rolini oshiradi.

Manba: news.un.org

Orqaga