BMT Oʻzbekiston tashabbusi bilan 2027–2036-yillarni Oʻrmonlarni ko‘paytirish va tiklash o‘n yilligi deb eʼlon qildi
Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi «Oʻrmonlarni barqaror boshqarishga muvofiq o‘rmonlarni ko‘paytirish va qayta tiklash o‘n yilligi» nomli rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjat tashabbuskori Oʻzbekiston hisoblanadi.
Rezolyutsiyaga dunyoning barcha mintaqalaridan 80 dan ortiq davlat hammuallif bo‘ldi. Ular orasida Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon, Rossiya, Braziliya, Avstriya, Germaniya, Finlandiya, Portugaliya, Hindiston, Eron, Pokiston, BAA, Qatar va Bahrayn bor.
Tashqi ishlar vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, rezolyutsiya Oʻzbekiston Prezidentining bir qator tashabbuslari asosida tayyorlangan. Bular — Atrof-muhitni muhofaza qilish va «yashil» iqtisodiyot yili, «Yashil makon» umummilliy loyihasi hamda «Markaziy Osiyoning yashil belbog‘i» mintaqaviy daraxt ekish kampaniyasi.
Hujjatda 2027–2036-yillar Oʻrmonlarni ko‘paytirish va qayta tiklash o‘n yilligi deb eʼlon qilindi. Davlatlar va xalqaro tashkilotlarga bu yo‘nalishdagi saʼy-harakatlar va mablag‘larni safarbar qilish tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilda ham Oʻzbekiston tashabbusi bilan «Markaziy Osiyo ekologik muammolar qarshisida» nomli rezolyutsiya BMTda bir ovozdan qabul qilingan edi. Oʻrmonlar havoni tozalaydi, tuproqni eroziyadan saqlaydi va ko‘plab hayvonlar uchun yashash joyi bo‘lib xizmat qiladi.
Manba: kun.uz
