Har bir mahalla uchun “yashil xarita” tuziladi: ko‘chatlar kamida uch yil parvarishlanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda ochiq tan olinishicha, ekilgan ko‘chatlarni sug‘orish va parvarishlashda kamchiliklar bor: o‘tgan yil bahorida ekilgan ko‘chatlarning bir qismi qurib qolgan. Buning sabablari – hudud iqlimi va tuprog‘iga mos kelmaydigan daraxtlarni tanlash, suv yo‘q joylarga ko‘chat ekish hamda kasallik va zararkunandalarga qarshi choralarning yetarli emasligi.
Davlat rahbari ish samaradorligini ekilgan ko‘chatlarning bir, uch va besh yildan keyingi holatiga qarab baholashni topshirdi. Endi ko‘kalamzorlashtirish ilmiy asosda – yerni tayyorlashdan tortib sug‘orish tizimini yaratish va ko‘chatlarni kamida uch yil parvarishlashgacha bo‘lgan jarayon sifatida tashkil etiladi. Issiq, sovuq va suv tanqisligiga chidamli mahalliy turlarga ustuvorlik beriladi.
Ekologiya qo‘mitasiga har bir mahalla uchun “yashil xarita” tuzish vazifasi yuklatildi. Unda qaysi ko‘chat qayerga ekilishi va qanday sug‘orilishi ko‘rsatilib, aholiga eʼlon qilinadi. Mahalla raislari har bir ko‘chadagi daraxtlar holatini kuzatib boradi. Daraxtlar avvalo odamlar gavjum joylar va piyodalar yo‘laklariga, ayniqsa soya beradigan turlar ekiladi.
“Yashil mahallam” dasturi doirasida mahallalarga sifatli ko‘chat, organik o‘g‘it va suv tejovchi sug‘orish vositalari yetkazib berish, daraxtlarni kasalliklardan himoya qilish xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Har bir mahallaga aholiga ko‘chat ekish va parvarishlashni o‘rgatadigan o‘rmonchi-murabbiy biriktiriladi. Uylar, maktablar va bog‘chalar oralig‘ida kichik daraxtzorlar barpo etish ham ko‘zda tutilgan.
Manba: spot.uz
