Oʻzbekistonda yirik korxonalar uchun uglerod solig‘ini 2028-yildan joriy etish taklif qilindi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi fiskal tahlillar instituti yirik sanoat korxonalari uchun uglerod solig‘ini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rishni taklif qildi. Tashabbus 30-iyul kuni o‘tkazilgan “Fiskal muloqot” tadbirida taqdim etildi.
Taklifga ko‘ra, 2027-yil tayyorgarlik yili bo‘ladi: korxonalar chiqarayotgan gazlar hajmi hisobga olinadi, soliq stavkasi va uni kim to‘lashi belgilanadi. Soliqning o‘zi 2028-yildan avval eng yirik ifloslantiruvchi manbalarga joriy qilinadi, keyinchalik boshqa korxonalarga ham kengaytirilishi mumkin. Soliq bazasi sifatida ikki variant ko‘rib chiqilmoqda: havoga chiqarilgan karbonat angidridning haqiqiy hajmi yoki yoqilgan uglerodli yoqilg‘i miqdori. 2029–2030-yillarda stavkalarni oldindan eʼlon qilingan jadval asosida asta-sekin oshirish taklif etilmoqda.
Institut mutaxassislari fikricha, bunday soliq atrof-muhitni ifloslantirish “narxi”ni korxonalar xarajatiga qo‘shadi va ularni energiyani tejashga, chiqindilarni kamaytirishga undaydi. Bundan tashqari, dunyoda uglerodga oid tartibga solish kuchayib bormoqda. Ichkarida uglerod narxining belgilanishi o‘zbekistonlik eksportchilarning xorijda qo‘shimcha yig‘imlar to‘lash xavfini kamaytirishi mumkin.
Uglerod solig‘ining mohiyati oddiy: kim ko‘p yoqilg‘i yoqib, havoni ko‘proq ifloslantirsa, u ko‘proq to‘laydi, energiyani tejaganlar esa kamroq xarajat qiladi. Masalan, Kanadada bunday soliq yoqilg‘i narxiga kiritilgan. Shuni taʼkidlash kerakki, bu taklif hozircha tahliliy xarakterga ega va qonun loyihasi maqomiga ega emas.
Manba: gazeta.uz
