Oʻzbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislikni o‘z zimmasiga oldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishida nutq so‘zladi. Bu yil jamg‘armaga raislik Oʻzbekistonga o‘tdi. Davlat rahbari jamg‘armani mintaqaviy hamkorlikning muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylantirish niyatini bildirdi.
Prezident ekspertlar hisob-kitobini keltirdi: 2040-yilga borib Orol dengizi havzasida suv tanqisligi ikki baravar ortib, yiliga 20 milliard kub metrga yetishi mumkin. Mintaqa davlatlari qishloq xo‘jaligida bir dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish uchun qariyb uch kub metr suv sarflaydi, dunyoda esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha ikki baravar kam.
Oʻzbekiston tajribasi haqida ham so‘z bordi. Sug‘oriladigan yerlarning 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan, kanallarni betonlash 40 foizgacha oshgan, nasos stansiyalari yangilanib, energiya sarfi qariyb 30 foizga kamaygan. Mamlakat hozir yiliga 10 milliard kub metrdan ortiq suvni tejaydi, 2030-yilga borib bu hajm 15 milliard kub metrga yetishi kutilmoqda.
Raislikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida jamg‘armani modernizatsiya qilish, Orol dengizi havzasi bo‘yicha to‘rtinchi dastur doirasidagi 34 ta mintaqaviy loyiha samaradorligini baholash va Afg‘oniston ishtirokida suvni taqsimlashning huquqiy asosini yaratish bor. Prezident, ayniqsa, jamiyatning suvga munosabati o‘zgarmasa, hech bir muhandislik yechimi kutilgan natijani bermasligini taʼkidladi. U suvni tejashni maktabgacha taʼlimdan to mutaxassis tayyorlashgacha bo‘lgan uzluksiz taʼlim orqali kundalik odatga aylantirishga chaqirdi. Fermer va sanoatchilarni suv tejovchi texnologiyalarga o‘rgatish uchun “Kelajak suvi” mintaqaviy dasturini boshlash ham taklif qilindi.
Manba: gazeta.uz
