Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti info@ecoedu.uz

JMT: 2025-yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq uch yildan biri bo‘ldi

13.01.2026 Manba: wmo.int
JMT: 2025-yil kuzatuvlar tarixidagi eng issiq uch yildan biri bo‘ldi

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) 2025-yil yakunlari bo‘yicha global harorat haqidagi xulosasini eʼlon qildi. Unga ko‘ra, o‘tgan yil kuzatuvlar olib borilgan 176 yil ichidagi eng issiq uch yildan biri bo‘ldi. Yer yuzasining o‘rtacha harorati 1850–1900-yillar o‘rtacha ko‘rsatkichidan 1,44 °C (±0,13 °C) yuqori qayd etildi.

Xulosa bir necha xalqaro ilmiy markazlarning sakkizta maʼlumotlar to‘plami asosida tayyorlangan. Ulardan ikkitasi 2025-yilni ikkinchi, oltitasi esa uchinchi eng issiq yil deb baholagan. Barcha to‘plamlarda 2023, 2024 va 2025-yillar eng issiq uch yil sifatida qayd etilgan, 2015–2025-yillar esa tarixdagi eng issiq o‘n bir yil bo‘lib chiqqan. So‘nggi uch yilning o‘rtacha harorati sanoatlashuvdan oldingi davrga nisbatan 1,48 °C yuqori.

Qizig‘i shundaki, 2025-yil sovutuvchi taʼsirga ega La-Ninya hodisasi bilan boshlanib, u bilan tugagan. Shunga qaramay yil juda issiq kelgan. JMT Bosh kotibi Seleste Saulo buning sababi atmosferada issiqlikni ushlab qoluvchi issiqxona gazlarining to‘planib borayotgani ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqori harorat jazirama, kuchli jala va tropik bo‘ronlar kabi xavfli ob-havo hodisalarini kuchaytirgan.

Tashkilot okeanlar ham to‘xtovsiz isib borayotganini qayd etdi. JMT mutaxassislari aholini xavfli ob-havo haqida oldindan ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish har qachongidan muhim ekanini, iqlim bo‘yicha ishonchli maʼlumotlar esa barcha davlatlar uchun ochiq bo‘lishi kerakligini taʼkidlamoqda.

Manba: wmo.int

Orqaga