
Ozodalik madaniyati yaponlar ongiga singib ketgan
Yapon dunyoqarashida muhim o`rinni poklanish egallaydi: ozodalik yaxshi, ifloslik – yomon. Poklikka qarama-qarshi tomonda «kegare» turadi – u o`lim, kasallik va hayotning boshqa noxush hodisalarini o`z ichiga oladi. Ularning oldini olish uchun yaponlar ruhiy va jismoniy poklanishni muhim deb hisoblashadi.
The New Yorker nashrining yozishicha, tozalash va ozodalik madaniyati «Engishiki» kitobi bilan bog`liq. U 927 yilda yozilgan bo`lib, Yaponiya imperatori farmonlari va qonunchilik kodeksidan iborat. Kitobda Kiotodagi imperator saroyini har yili tozalash majburiyati ta`kidlangan, bu marosim diniy ma`noga ega: yangi yildan oldin yovuz ruhlar va omadsizliklar shu tarzda haydalgan. XIII asrdan boshlab, bu odat ibodatxonalar va ziyoratgohlarga ham joriy qilindi. Shundan so`ng, aholi orasida ham tarqaldi.
Yaponiya madaniyatida jamiyat uyg`unligiga katta e`tibor beriladi. Bu milliy xususiyatdir. Atrof-muhitni toza saqlash tana va ruhni toza saqlashga tenglashtiriladi.
Yaponlar kichikligidan toza yurishga odatlangan, ota-onalar esa bog`chalardan bolalarining iflos tagliklarni olib ketishadi
Tozalash – maktabdagi o`quv jarayonining bir qismidir. Bolalar bu bilan olti-etti yoshdan, birinchi sinfga borganidan boshlab shug`ullanadi. Sinfni tozalash ular tomonidan jazo sifatida qabul qilinmaydi, balki o`yin formatini oladi va odatga aylanadi. Bu odat uyda ham tozalik va tartibni saqlashni talab qiladigan ota-onalarning ta`siri bilan mustahkamlanadi. Shu tariqa, bola yapon jamiyatiga integratsiyalashib, o`zida mas`uliyat va o`zaro yordam tuyg`usini rivojlantiradi.
Tozalash bolalarga butun maktab davrida hamroh bo`ladi. Boshlang`ich sinf o`quvchilariga yuqori sinf o`quvchilari yordam bersa, hojatxonalarni tozalash, ta`mirlash ishlari mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi. Tozalash uchun uyda bo`lgani kabi changyutgich emas, balki supurgi va hokandoz ishlatiladi. Yozuvchi Yutaka Okihara «Maktabni tozalash» kitobida yondashuvni shunday ifodalagan: «Har qanday ish, hatto iflosliklarni tozalash ham o`quvchi uchun juda past ish hisoblanmaydi. Maktabni ozoda saqlash har kimning burchidir».
Yaponiya maktabida ta`lim olgan jurnalist Hiroko Yoda tozalash jarayoni haqida shunday deydi: «Har kuni dars tugagach, biz bir necha guruhlarga bo`linib, navbatma-navbat partalarni artib, polni supurib, chiqindilarni yig`ib chiqardik».
2007 yilda Yaponiyaga ko`chib o`tgan yozuvchi Daniel Demetriu shunday yozadi: «Bog`chalarda ota-onalarga (o`zimga ham) bolalari tomonidan kun davomida ishlatilgan tagliklarni («pamperslar») ehtiyotkorlik bilan paketlarga o`rab, uyga berib yuborishadi. Ota-onalar ularni uyda chiqindi qutisiga tashlashadi. Yaqinda birinchi sinfga borgan 6 yoshli bolam uchun sport to`plami, qalam qutilari bilan bir qatorda, idish-tovoq artadigan salfetkalarini ham sotib oldim. Barcha bolalar birinchi kundan boshlab sinfni va ovqat qoldiqlarini yaxshilab tozalashga o`rgatiladi».
«Bu ishlar falsafa darajasida jiddiy emas», deydi yapon maktabi o`qituvchilaridan biri. «Biz bolalarga shuni o`rgatmoqchimizki, agar biror narsadan foydalansa yoki ma`lum bir joyda vaqt o`tkazsa, xoh u sinfda, xoh uyida bo`ladimi, hamma narsani o`zi tozalashi kerak. Bu bizning odatimiz, bu biz uchun tabiiydir».
Yaponiya ko`chalarida chiqindilar uchun shaffof qutilar bor, it egalari chiqindini uyiga olib ketishadi va hojatxonaga tashlashadi
XVIII-XIX asrlarda Yaponiyaga borgan evropaliklar ko`chalar tozaligiga va yaponlarning saranjomlikka intiluvchanligiga e`tibor qaratishgan. Bloomberg hisob-kitobiga ko`ra, Yaponiyada aholi jon boshiga Amerikadagiga qaraganda ikki baravar kam maishiy chiqindi to`g`ri keladi. Chiqindilarni qayta ishlash bo`yicha yaponlar amerikaliklar va inglizlardan oldinda turadi. Bunga chiqindi poligonlari uchun er maydoni etishmasligi ham ta`sir qiladi.
Yozuvchi Daniel Demetriu Tokioni dunyodagi eng toza shaharlardan biri deb hisoblaydi. U shaharda 14 million kishi istiqomat qilishiga qaramay, aeroportlar, vokzallar va ko`chalardagi ozodalikni ta`kidlaydi: «Hatto yuqori texnologiyali jamoat hojatxonalarida ham saranjomlik bor, kamdan kam hollarda qog`oz yo`qligini ko`rish mumkin».
Yaponiya ko`chalarida chiqindilar va chiqindi tashlaydigan qutilar deyarli yo`q. 1995 yilda Tokio metrosiga kimyoviy qurol yordamida hujum qilinganidan keyin chiqindi qutilari soni kamaytirildi. Unda 12 kishi halok bo`lgan va bir necha ming kishi zaharlangan edi. Shundan so`ng, temiryo`l vokzallari va boshqa jamoat joylaridagi qutilar yo`qoldi, chunki ular yangi hujumlarni amalga oshirishning qulay usuli sifatida qabul qilindi.
Ammo katta sayyohlik oqimi tufayli Yaponiya asta-sekin ko`chalarda chiqindi qutilaridan foydalanishga qaytdi. Endi ko`plab chiqindi qutilari shaffof va ular metro stantsiyalarida nazoratga olingan.
Chiqindi qutilari yo`qligi ko`chalardagi chiqindi miqdoriga ta`sir qilmadi. Yaponlar shunchaki chiqindilarni uyiga olib ketishadi yoki bunga moslashtirilgan joylarga tashlashadi. Ushbu amaliyot itlari bilan sayr qiladigan odamlarga ham taalluqli.
The Washington Post muxbiri Saymon Denier shunday yozgan: «It egalari har doim, istisnosiz, ko`chada itining najasini tozalaydi, siydigini esa plastik idishda olib yuriladigan suv bilan yuvib tashlaydi. Najasni plastik paketga solib, uyiga olib borib, unitazga oqizib yuboradi».