Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti

image

31.07.2023

O‘zbekiston Qozog‘istonning Chordara suv omboriga suv oqimini ikki baravar oshiradi

Qozog‘iston Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Zulfiya Sulaymonovaning O‘zbekistonga xizmat safari davomida O‘zbekiston tomoni bilan Chordara suv omboriga suv oqimini 200 m³/s gacha yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda Kazinform xabar berdi. 

28 iyul holatiga ko‘ra «Do‘stlik» bosh suv inshootidan Sirdaryoga suv oqimi hajmi 20 m³/s ni tashkil etgan. O‘zbekiston tomoni suv oqimini 50 m³/s gacha oshirish niyatida ekani aytilmoqda. 

Bundan tashqari, shu kuni Chorvoq suv omboridan (G‘azalkent GES) suv oqimi 290 m³/s dan 310 m³/s gacha yetkazildi. Biroq, bu suv hajmi Sirdaryoga suv berish va uni Chirchiq daryosi havzasining sug‘orish ehtiyojlari uchun suv xo‘jaligi kanallari orqali ta’minlash uchun yetarli emasligi qayd etilgan. 

Chordara suv ombori Qozog‘istonning Turkiston viloyatida joylashgan va 1966 yilda barpo etilgan. Uzunligi 80 km, eni 25 km.  

Avvalroq, Qozog‘iston suv bo‘yicha Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan imzolangan shartnomani qayta ko‘rib chiqishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Hujjat irrigatsiya va energetika sohasida Sirdaryo resurslaridan foydalanishni tartibga soladi.