«Issiqxona samarasi»
«Issiqxona samarasi». Dunyo bo‘yicha XX asrning 50-yillaridan boshlab, energiya ishlab chiqarishning keskin ortishi munosabati bilan atmosferaga katta miqdorda chiqindilar chiqarila boshlandi. Atmosferaga chiqariladigan chiqindilar miqdori yiliga 5 mlrd tonnani tashkil qildi. Bu miqdor yil sayin orta boshladi. Bu esa Yerdagi o‘rtacha harorat 1890-yildagi 14,5°C dan 1980-yilda 15,2°C ga, ya’ni 0,7 darajaga ortishiga olib keldi. Mazkur ko‘rsatkich yil sayin ortib borish xususiyatiga ega. Bu esa «issiqxona samarasi»ning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Olimlarning fikricha, «issiqxona samarasi»ni vujudga keltiruvchi gazlarning hozirgi ortish sur’ati saqlanib qolsa, har 10 yilda harorat 0,2-0,5 darajaga ortib boradi. Bu esa turli ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Dunyo bo‘yicha havo haroratining 1-2 darajaga ko‘tarilishi natijasida Yevrosiyoda tundra, o‘rmon-tundra, tayga, aralash va keng bargli o‘rmonlar, o‘rmon-dasht va dasht tabiat zonalarining shimolga siljishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Yevropa va Afrikada daryolarning suv oqimi ortadi.
Dunyo bo‘yicha havo haroratining ortishi muzliklarning erishi va okean suvlarining issiqlik ta’sirida kengayishiga olib keladi. XX asr davomida olimlarning hisobi bo‘yicha okean sathi 17,5 sm ga ko‘tarilgan. Amerika olimlarining bashoratiga ko‘ra 2100-yilga kelib Dunyo okeani sathi 1,4-2,2 m ga ko‘tarilishi mumkin. Bu okean sohillarida joylashgan ko‘pchilik davlatlarning suv ostida qolib ketishiga sabab bo‘ladi.