
Pseudoscaphirhynchus kaufmanni (Bogdanow, 1874)
Maqomi: 1(CR): Аmudaryoning butunlay yoʼq boʼlib ketish arafasida turgan endemik relikt turi. TMXI Qizil roʼyxatiga kiritilgan [EN].
Tarqalishi: Ilgari Аmudaryoning boshidan to etagigacha uchrar edi, Qashqadaryo va Zarafshonning quyi qismidagi suv havzalariga oʼtgan. Hozirda Аmudaryo havzasining Xorazm, Buxoro va Surxondaryo viloyatlari hududlaridagi qismida saqlanib qolgan.
Oʼzbekistondan tashqarida: Tojikiston, Turkmaniston.
Yashash joylari: Daryoning chuqurligi 2-3 m, tubi qum va loyli joylari. Loyqa oqar suvlarda yashaydi.
Soni: 1964-2004 yillar mobaynida 612 donasi tutilgan.
Yashash tarzi: Yetarlicha oʼrganilmagan. Daryolarda turgʼun hayot kechiradi. Jinsiy voyaga 6-7 yoshda yetadi. Urchishi - mart-aprelda. Serpushtliligi 1,5-15 ming uvildiriq atrofida. Suv hasharotlari va mayda baliqlar bilan ovqatlanadi.
Cheklovchi omillar: Аmudaryo suv oqimining sunʼiy tartiblanishi natijasida tabiiy suv rejimining oʼzgarishi, suvning ifloslanishi, koʼpayish sharoitlarining yomonlashishi, brakonerlik.
Koʼpaytirish: Moskva hayvonot bogʼida baliq chavoqlari yetishtirilgan.
Muhofaza choralari: Ovlash taqiqlangan. Badaytoʼqay, Qizilqum va Surxon qoʼriqxonalarida muhofaza qilinadi. SITESning II-Ilovasiga kiritilgan. Sunʼiy sharoitda koʼpaytirishni tashkil qilish, yashash joylarida maxsus muhofaza tartibini joriy qilish lozim.