
Rustamov stsink gekkoni
Maqomi. 1(EN): Yoʼq boʼlib ketayotgan, mozaik tarqalgan, endemik kenja tur.
Tarqalishi. Fargʼona vodiysining janubi.
Oʼzbekistondan tashqarida: Tojikistonning tutash hududlari. Oʼrta Osiyoning qolgan hududlarida, Gʼarbiy Osiyoning sharqiy qismida, Qozogʼistonda - boshqa kenja turlari.
Yashash joylari: Choʼlning sochiluvchan, qisman va butkul mustahkamlashgan qumli massivlari, shoʼrxok taqirlar va togʼ etaklarining zich tuproqli yerlari.
Soni: 1980-yillarda bir gektarda oʼrta hisobda 12-24 donagacha uchrar edi (Oqqum, Yozyovon choʼllari). 1999 yilda Yozyovon tabiiy yodgorligi hududida 2,5 km oraliqda 39 ta hisobga olingan. Hozirda yashash joylarining aksariyatida yoʼq boʼlib ketgan.
Yashash tarzi: Mart-oktyabr oylarida (tunlari) faol, kunduzi qumning nam qatlamigacha yetadigan iniga yashirinadi, oʼsha yerda qishlaydi ham. Juftlashishi - aprel- da. Yiliga 2 marta (iyun-avgustda) 1-2 ta tuxum qoʼyadi. Bolasi iyul-avgustda tuxumdan chiqadi, 2 yilda jinsiy voyaga yetadi.Mayda hasharot va oʼrgimchaksimonlar bilan oziqlanadi.
Cheklovchi omillar: Choʼl zonasidagi yerlarning oʼzlashtirilishi; ayniqsa sugʼorish.
Koʼpaytirish: Toshkent hayvonot bogʼida koʼpaytirilmoqda.
Muhofaza choralariz: Yozyovon tabiat yodgorligi hududida saqlanadi. Saqlanib qolgan barcha lokal populyatsiyalarini aniqlash, muhofazasini va tutqinlikda koʼpaytirishni tashkillashtirish lozim.
«O'ZBEKISTON QIZIL KITOBI» © O'R FA ZOOLOGIYA INSTITUTI, 2009