
Marmaronetta angustirostris (Menetries, 1832)
Maqomi: 1(EN): Yo`q bo`lib ketayotgan, uchib o`tuvchi tur. TMXI Qizil ro`yxatiga kiritilgan [VU].
Tarqalishi: Amudaryo havzasining Termizdan Urganchgacha bo`lgan qismi, Zarafshon d. vohasi (uyalash), Dengizko`l (qishlash).
O`zbekistondan tashqarida: Qozog`iston, Turkmaniston, Ozarbayjon (uyalash); Ispaniya, Shimoliy Afrika, o`arbiy Osiyo (uyalash, qishlash); Pokiston, Hindiston (qishlash).
Yashash joylari: Suv va qirg`oqbo`yi o`simliklari yaxshi rivojlangan, sayoz, chuchuk va nimsho`r suvli havzalar.
Soni: 1960-yillargacha Amudaryo va Sirdaryo havzalarida ko`p uchrar edi, hozirda ko`pchilik yashash joylarida yo`q bo`lib ketgan. 200-300 jufti (dunyo populyatsiyasining 1,5-2%) uyalaydi.0,5-1,5 ming qush uchib o`tadi. Kuzda va qishda janubdagi yirik suv havzalarida 200- 400 tagachasi to`planadi.
Yashash tarzi:Bahorgi uchib utishi - fevral-martda, kuzgisi - oktyabrda. Inini qamishzorlarda erga quradi; may oyida 9-15 ta tuxum qo`yadi va 25-27 kun bosib yotadi;poloponlari avgustda ucha boshlaydi. Suv o`tlari va umurtqasizlar bilan oziqlanadi, sholizorlarga kirib turadi.
Cheklovchi omillar: Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv rejimining o`zgarishi oqibatida yashash joylarining emirilishi, brakonerlik.
Ko`paytirish: Evropa parvarishxonalari va hayvonot bog`larida ko`paytiriladi.
Muhofaza choralari:Ovlash taqiqlangan. Dengizko`l buyurtmaxonasida muhofaza ostiga olingan.