
Caracal caracal (Schreber,1776)
ssp. michaelis (Heptner, 1945)
Maqomi: 1(CR): Butunlay yoʼq boʼlib ketish arafasida turgan, lokal tarqalgan kenja tur. TMXI Qizil roʼyxatiga kiritilgan [LC].
Tarqalishi: Ustyurt yassi te- kisligi, Аmudaryoning quyi oqimi, gʼarbiy Qizilqum.
Oʼzbekistondan tashqarida: Qozogʼiston, Turkmaniston, Eron shimoli. Аfrika, Yaqin Sharq, Eron janubi, Аfgʼoniston, Pokiston, Hindistonda - boshqa kenja turlari.
Yashash joylari: Choʼllarning barxanli va mustahkamlashgan qumli qismlari, gipslashgan tekisliklar, chink va jarliklar, baʼzan toʼqayzorlar.
Soni: Yakka holda, baʼzan juftlari uchraydi. 1954-1980 yillar davomida 22 donasi qayd etilgan; 2009 yili Gʼarbiy Qizilqumda 3 ta va Ustyurtda 1 ta topilmalar mavjud boʼlganligi xaqida xabar kelgan. Jami, taxminan, bir necha oʼntasi mavjud.
Yashash tarzi: Аsosan tunda, qish, kuz va bahorda baʼzan kunduzi ham faol. Yanvar-fevralda juftlashadi, aprel-mayda bolalaydi (2-4), bolalari uyasidan iyulda chiqadi, 2 yoshda jinsiy voyaga yetadi. Quyonlar, kemiruvchilar, baʼzan tuyoqlilar, tipratikon, tulki, ilon va boʼgʼimoyoqlilar bilan oziqlanadi. 18 yoshgacha yashaydi.
Cheklovchi omillar: Qoʼriq yerlarning oʼzlashtirilishi, qahraton qish fasllari, ozuqa manbaining kamayishi, inson va yovvoyilashgan itlar tomonidan taʼqiblanishi.
Koʼpaytirish: Dunyoning bir qator hayvonot bogʼlarida koʼpaytiriladi.
Muhofaza choralari: Ovlash taqiqlangan. SITESning I-Ilovasiga kiritilgan.