Talabalar ko‘chasi 1, Ijtimoiy fanlar fakulteti

image

Sayg`oq (Oq quyruq)
Maqomi
1(CR): Butunlay yo‘qolib ketish arafasida turgan juda noyob tur. TMXIning Qizil ro‘yxatiga kiritilgan [CR A2acd], {CR A2acd}.

Tarqalishi
Ustyurt yassi tekisligi (Qoraqalpog‘iston), Sharqiy va Janubiy Orolbo‘yi, Orol dengizining qurib qolgan hududlari. Oʻtmishda: Shimoliy Qizilqum, Sirdaryo qayirlari, jumladan, Farg‘ona vodiysining tekislik qismi. Oʻzbekistondan tashqarida: Qozog‘iston, Rossiya, Turkmaniston, Mo‘g‘ulistonda – boshqa kenja turi.

Yashash joylari
Cho‘llar va yarimcho‘llar. Qumli joylarni yoqtirmaydi.

Soni
Oʻtmishda juda ko‘p sonli bo‘lgan. 1990 yillardan boshlab soni 99,5 % ga qisqarib ketdi. Qozog‘istonning shimoliy hududlaridan ko‘chib o‘tuvchi sayg‘oqlar soni har yili ob-havo sharoitiga bog‘liq ravishda o‘zgarib turadi. Ko‘chib yuruvchi Ustyurt populyatsiyasining umumiy soni 2016 yilda 1900 tani tashkil etdi. Orolbo‘yi va Orol dengizining qurib qolgan hududlaridagi alohida podalari soni taxminan 200 taga etadi.

Yashash tarzi
Poda hosil qiladi va mavsumiy ko‘chib yuradi. Katta yoshli erkak sayg‘oq o‘rtacha 10–15 ta, eng ko‘pi 50 tagacha bo‘lgan urg‘ochi sayg‘oqni o‘zi bilan ergashtirib yuradi. Dekabr oyida juftlashadi. Keyingi yilning aprel oyi oxirida va may oyi boshida 1–2 tadan bolalaydi. Urg‘ochisi 1–1, 5 yilda, erkagi 2–2,5 yilda jinsiy voyaga etadi. Oʻt o‘simliklar va yarim butalar bilan oziqlanadi.

Cheklovchi omillar
Brakonerlik, tabiiy yashash joylarining xo‘jalik maqsadida o‘zlashtirilishi va u erlarda turli g‘ovlar (chegara to‘siqlari, avtomobil va temir yo‘llar, gaz quvurlari) paydo bo‘lishi tufayli ularni yo‘qolib ketishi yoki ajralib qolishi, hududning aridlashuvi va yovvoyi tuyoqlilar o‘tlamay qo‘ygani uchun yaylovlar sifatining yomonlashuvi, noqulay ob–havo sharoitlari (qahraton qishlar, yozgi qurg‘oqchiliklar), yirtqichlar (bo‘ri) tomonidan taʼqib qilinishi, kasalliklar.

Ko‘payish xolati
Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy va Ukrainada parvarishxona sharoitida ko‘paytiriladi.

Muhovaza choralari
Ovlash taqiqlangan. SITESning II Ilovasiga kiritilgan. Oʻzbekiston ham bu borada Qozog‘iston Respublikasi bilan sayg‘oqni saqlab qolish, tiklash va barqaror foydalanish bo‘yicha o‘zaro anglashuv Memorandumi hamda sayg‘oqlarni saqlab qolish va ko‘paytirish bo‘yicha Hukumatlararo bitim imzolagan. Ayni paytda “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi hududida muhofaza ostiga olingan. Brakonerlikka qarshi kurashni kuchaytirish, hududiy muhofazasini yaxshilash, chegara to‘siqlari va neft–gaz sektori, yo‘l–transport infratuzilmasi taʼsirini kamaytirish, transchegaraviy hamkorlik hamda ularni asrab qolishga qaratilgan targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha chora–tadbirlarni amalga oshirish zarur.
«O'ZBEKISTON QIZIL KITOBI» © O'R FA ZOOLOGIYA INSTITUTI, 2009